O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MARKAZLARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 28-fevraldagi 50-son qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 18-fevraldagi 59-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 2-son, 5-modda) bilan tasdiqlangan Maktabdan tashqari muassasa to‘g‘risida nizomning 2-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyatining xususiyatlari Vazirlar Mahkamasining alohida qarorida belgilanadi”.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 11 may,
130-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11 maydagi 130-son qaroriga
ILOVA
“Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan “Barkamol avlod” bolalar markazlari (keyingi o‘rinlarda “Markaz” deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va uning hududiy organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va boshqa hujjatlariga, ushbu Nizomga hamda o‘z Ustaviga amal qiladi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustaviga, bank hisob raqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, yuridik manzili ko‘rsatilgan shtampga va blankalarga ega bo‘ladi.
4. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan “Barkamol avlod” bolalar markazining namunaviy ustavi asosida o‘z ustavini ishlab chiqadi. Ustav muassis tomonidan tasdiqlanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari hamda xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tegishli ravishda Markazlarning muassislari hisoblanadi.
6. Markazlarning umumiy faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Respublika miqyosidagi Markazlar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida, Toshkent shahar va viloyatlar Markazlari tegishli xalq ta’limi boshqarmalari tasarrufida hamda tuman (shahar) Markazlari tegishli xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tasarrufida faoliyat yuritadi.
7. Markaz O‘zbekiston Respublikasida joriy etilgan uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi bo‘lgan davlat maktabdan tashqari ta’lim muassasasi hisoblanadi, o‘quvchilarga qo‘shimcha ta’lim-tarbiya berishga mo‘ljallangan.
II. Markazning asosiy vazifalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalarning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ularning ijodiy va badiiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning foydali dam olishini tashkil etish;
mehnatsevarlikni, kasb tayyorgarligining dastlabki o‘quv va ko‘nikmalarini singdirish, fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga muvofiq texnik vositalar va kompyuter texnologiyalari ishini o‘rganishni tashkil etgan holda bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish;
bolalar tomonidan jonajon o‘lka tarixi, arxeologik va madaniy meros chuqur o‘rganilishi, mamlakatimizning tabiiy boyliklari bilan tanishtirish hamda ekologiya va atrof muhit muhofazasi sohasidagi asosiy bilimlarni egallab olish;
maktabdan tashqari ta’lim tizimiga ilg‘or pedagogik usullar va metodlardan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning yangi shakllarini keng joriy etish.
III. Markaz faoliyatini tashkil etish
9. Markaz ko‘p tarmoqli bo‘lib, u faoliyat yuritadigan hududning xususiyati, o‘quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga ko‘ra ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan holda faoliyat ko‘rsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ularning har tomonlama kamol topishlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
Markaz muassis tomonidan davlat muassasasi sifatidagi tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
10. Markaz alohida binoda yoki umumta’lim maktablari binolarining alohida o‘quv bloklarida alohida kirish joyi bilan ta’minlangan va maktabdagi o‘qish jarayoniga xalaqit bermaydigan holda tashkil qilinadi hamda mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadi.
Umumta’lim maktablari binolarining alohida o‘quv bloklarida tashkil qilingan Markazlarda elektr energiyasini hisobga olishning alohida priborlari o‘rnatiladi va elektr energiyasi uchun to‘lovlar elektr ta’minoti tashkiloti bilan belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladi. Qolgan kommunal xarajatlar esa Markazlar egallab turgan binoning maydoni va hajmidan kelib chiqib, umumta’lim maktablariga moliya organlari bilan kelishuv bo‘yicha qoplanadi.
Shuningdek, Markaz tasarrufida sayyohlik bazalari va o‘quv tajriba-sinov maydonchalari ham tashkil etilishi mumkin.
Markaz tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Markazda texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlaridagi to‘garaklar tashkil etiladi. Markazda tashkil etiladigan to‘garaklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
To‘garaklar o‘z faoliyatini o‘quv dasturlari asosida amalga oshiradi. O‘quv dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazi qoshidagi tegishli ilmiy-metodik kengashda tasdiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan amaliyotga tatbiq etiladi.
12. Markazda tashkil etiladigan to‘garak mashg‘ulotlari maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablariga muvofiq birinchi, ikkinchi va keyingi o‘quv yillarida tegishli o‘quv dasturlari asosida, xususan, texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘lib o‘tkaziladi.
To‘garak mashg‘ulotlari o‘quv dasturlari talablariga ko‘ra butun o‘quv yili uchun hamda qisqaroq muddatlarga ham tashkil etiladi.
To‘garak mashg‘ulotlari o‘quv yilining 15-sentabridan boshlanib 25-mayda yakunlanadi. Yozgi ta’til kunlari uchun alohida mavsumiy rejalar tuziladi.
Markazning to‘garak mashg‘ulotlari jadvali to‘garak a’zolari uchun qulay tartibda, ularning yoshi, psixofiziologik xususiyatlari va sanitariya-gigiyena normalari inobatga olingan holda pedagogik xodimlarning taqdimnomasiga ko‘ra ma’muriyat tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
13. Markazda to‘garak mashg‘ulotlarining tashkil etilishi uchun haftada 6 akademik soat ajratiladi. 6 yoshli bolalar uchun olib boriladigan to‘garak mashg‘ulotlari vaqti 35 daqiqa etib belgilanadi va u haftada 2 akademik soatdan oshmasligi lozim.
Markazda har bir guruhdagi to‘garak a’zolarining soni birinchi o‘quv yilida 10 nafardan, ikkinchi va undan keyingi o‘quv yillarida esa 8 nafardan kam bo‘lmasligi lozim.
To‘garaklar o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, maxsus o‘quv dasturlari asosida birinchi va ikkinchi o‘quv yillaridan keyingi o‘quv yillari uchun ham tashkil etilishi mumkin. Maxsus o‘quv dasturlari mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan tartibda tasdiqlanishi zarur.
14. Markaz ta’til paytlarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, dam olishlarini to‘laqonli amalga oshirish maqsadida muassasalar va mahallalarda (ovullarda) ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikda turli yo‘nalishdagi ommaviy tadbirlarni tashkil etishi mumkin.
15. Markaz tomonidan o‘quvchilarga qo‘shimcha ta’lim olganligi to‘g‘risida ushbu Nizomga ilova qilingan namunadagi shaklda guvohnoma beriladi.
16. Markaz tegishli xalq ta’limi organlari bilan kelishgan holda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etiladigan to‘garaklar faoliyatiga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatadi.
17. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari bilan hamkorlikda xodimlarning malakasini oshirishni ta’minlaydi, ilg‘or tajribalar asosida to‘garak o‘quv dasturlarini tuzish va takomillashtirishga oid ishlarni olib boradi.
Markaz o‘quv yili natijalari bo‘yicha to‘garak a’zolari bilim, ko‘nikma va malakalarining maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablariga mosligini so‘rovnomalar, seminarlar, ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar, testlar va boshqa shakllarda muntazam nazorat qilib boradi.
Markaz o‘rnatilgan tartibda vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar, boshqa tashkilotlar, mahallalar (ovullar), ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi.
IV. Ta’lim jarayoni ishtirokchilari
18. To‘garak a’zolari, ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) va pedagog xodimlar Markaz ta’lim jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi.
19. To‘garak a’zolarining huquqlari quyidagilardan iborat:
Markazda ixtiyoriy ravishda maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablari asosida ta’lim olish;
qiziqishlariga ko‘ra to‘garak turini tanlash;
bir necha to‘garaklarda qatnashish, yil davomida qiziqish va istaklariga qarab bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa boshqa to‘garaklarga o‘tish;
insoniy qadr-qimmatining hurmat qilinishi, vijdon erkinligi, axborot erkinligi, o‘z qarashlari va e’tiqodini ifodalash;
Markazning jamoatchilik organlarini saylash va ularga saylanish;
Markazning ish faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar kiritish.
20. To‘garak a’zolarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qonun hujjatlariga rioya qilish;
Markazning moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va uni asrab-avaylash;
Markaz Ustavi va ichki tartib-qoidalariga, axloqiy va ma’naviy normalarga rioya qilish.
21. Ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) quyidagi huquqlarga ega:
o‘z farzandlari uchun to‘garak turini tanlash;
Markaz ma’muriyatidan mazkur muassasa Ustaviga muvofiq zarur shart-sharoitlarni yaratishni talab qilish;
bola shaxsiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish;
Markazni jamoatchilik asosida boshqarishda ishtirok etish.
22. Ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) majburiyatlari:
farzandining jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan qarash, uni mehnatsevarlik, ezgulik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
farzandida qonunlarga itoatkorlik, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat tuyg‘usini tarbiyalash;
farzandiga to‘garak mashg‘ulotlarida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ota-ona to‘lovlarini belgilangan tartibda o‘z vaqtida to‘lab borish.
23. Markazning pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
o‘z kasbiy sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
Markazni boshqarishda ishtirok etish;
Markaz ma’muriyatiga to‘garaklar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish;
kasb faoliyati uchun sharoitlar bilan ta’minlanish, malakasini oshirish, qayta tayyorgarlikdan o‘tish, ta’lim shakli, uslubi va vositalarini tanlashda tashabbus ko‘rsatish.
24. Markazning pedagog xodimlari quyidagi majburiyatlarga ega:
maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablari hamda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan o‘quv qo‘llanmalari va dasturlari asosida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
pedagog axloq-odobiga qat’iy rioya qilish;
o‘quv-tarbiyaviy ishlarni yuqori saviyada olib borish, ta’lim mazmunini takomillashtirish, o‘qitish vositalarini yaratishda faol qatnashish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat kabi fazilatlarni shakllantirish, ona Vataniga sadoqat, davlat tiliga, milliy va umuminsoniy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga, ota-onaga va o‘zidan katta yoshdagilarga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash;
o‘zining nazariy bilim darajasini, pedagogik mahorati va kasb malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish va o‘z ustida muntazam ishlash;
o‘quv-tarbiyaviy va uslubiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
o‘quvchilarning ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
V. Markazda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish
25. Oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining tegishli ma’lumotiga hamda kasbiy tayyorgarlikka, yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxslar Markazda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli.
Shuningdek, zarur hollarda, tegishli pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga hamda “Usta”, texnik va sayyohlik sohasi bo‘yicha “Sport ustasi” yoki “Sport ustaligiga nomzod” maqomiga ega bo‘lgan shaxslar ham Markazda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Markazda to‘garak mashg‘ulotlarini o‘tkazishga asosan umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari o‘tilgan mashg‘ulotlar hajmiga proporsional ravishda soatbay haq to‘lagan holda shartnoma asosida jalb etiladi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
27. Sud hukmi bilan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangan shaxslarning Markazda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Markaz pedagog xodimlarining faoliyati o‘quvchilar shaxsini, ularning madaniy saviyasini, faolligini, mustaqilligini, mas’uliyatliligini, ongli, intizomli, uyushqoq va tartibli bo‘lishini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Markaz to‘garak rahbarlarining haftalik ish yuklamasi 24 soatni tashkil etadi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 601-modda)
VI. Markazning huquq va majburiyatlari
29. Markaz quyidagi huquqlarga ega:
Markaz xodimlari va to‘garak a’zolaridan muassasaning Ustavi va ichki tartib qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
to‘garak mashg‘ulotlarini o‘tkazishni takomillashtirish va ta’lim jarayonini metodik ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritish;
moliyalashtirishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan turli manbalari hisobiga budjetdan tashqari mablag‘larni shakllantirish.
30. Markazning majburiyatlari:
xalq ta’limi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va boshqa hujjatlari, ko‘rsatmalarini bajarish;
o‘z Ustavida nazarda tutilgan vazifalarni ijro etish;
maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablari, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan o‘quv qo‘llanmalari va dasturlari asosida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
o‘quvchilarning maktabdan tashqari ta’limga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish, nazarda tutilayotgan to‘garak a’zolari kontingentini aniqlash;
o‘quv rejasini tegishli xalq ta’limi organlari bilan kelishish;
ta’lim-tarbiya jarayonini o‘rnatilgan tartibda sanitariya-gigiyena normalariga va xavfsizlik qoidalariga muvofiq tashkil etish;
Markazning moddiy-texnik ta’minoti va kadrlar salohiyatini rivojlantirish;
to‘garaklarni tashkil etishda to‘garak a’zolarining yoshi, ruhiy-fiziologik holati, layoqati va qiziqishlarini inobatga olish.
VII. Markazni boshqarish
31. Markazga o‘rnatilgan tartibda muassis tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.
32. Pedagogik kengash Markazda o‘zini-o‘zi boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markazning pedagogik jamoasi to‘g‘ridan to‘g‘riochiq ovoz berish yo‘li bilan Pedagogik kengash tarkibini saylaydi.
(32-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
Pedagogik kengash yig‘ilishi Markaz faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, uning faoliyati sifat va samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Pedagogik kengash yig‘ilishi yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi.
33. O‘quv-tarbiya jarayonini rivojlantirish va takomillashtirish, pedagogik xodimlarning kasb mahoratlarini va ijodiy o‘sishlarini kuchaytirish maqsadida markazda pedagogik xodimlarni birlashtiruvchi jamoaviy organ — uslubiy kengash tuziladi.
Uslubiy kengash raisi pedagogik xodimlar jamoasi tomonidan saylanadi.
Uslubiy kengash o‘quv rejalari, dasturlari, o‘quv qo‘llanmalarini yangi pedagogik texnologiyalar asosida joriy etish yo‘llarini muhokama qiladi, pedagogik xodimlarning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish ishlarini tashkil qilish yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
VIII. Markazning mol-mulki va pul mablag‘lari
34. Muassis yoki vakolatli davlat organi Markazga mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda biriktiradi.
Markaz o‘ziga biriktirilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi bo‘yicha o‘ziga ajratilgan mablag‘lar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.
Markaz faoliyati davlat budjeti va boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Quyidagilar markazning mol-mulkini va moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar;
ota-onalar to‘lovlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
35. Markaz aholiga, turli tashkilotlarga pullik ta’lim xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatishga, shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan, muassasaning asosiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan boshqa tegishli faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga haqli.
Quyidagilar Markaz mablag‘larining qo‘shimcha manbalari hisoblanadi:
o‘quvchilar va pedagog xodimlar tomonidan o‘quv jarayonida tayyorlangan buyum va mahsulotlarni belgilangan tartibda sotishdan tushgan mablag‘lar;
asosiy mashg‘ulotlardan tashqari paytda, ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’sir etmagan holda, bo‘sh turgan bino va inshootlar, o‘quv jihozi va asbob-uskunalarini belgilangan tartibda ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;
eskirgan va yaroqsiz holga kelgan uskunalarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarish orqali tushgan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
boshqa tushumlar.
36. Pedagog xodimlarni mukofotlash belgilangan tartibga ko‘ra amalga oshiriladi.
37. Markazning moddiy-texnika bazasi yerlarni, binolarni, kutubxonalarni, sport zallarini, kommunikatsiya, mashina va uskunalarni, transport vositalarini hamda ta’lim va tarbiya jarayonida foydalaniladigan boshqa anjomlarni o‘z ichiga oladi.
IX. Xalqaro hamkorlikda qatnashish
38. Markaz qonunchilikda belgilangan tartibda maktabdan tashqari ta’lim bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin.
X. Yakuniy qoida
39. Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi va tugatilishi mumkin.
“Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘g‘risida nizomga
ILOVA
|
||
|
||
G U V O H N O M A |
||
MT № ________ |
||
________________________________________________________ |
||
(o‘quvchining familiyasi, ismi, sharifi) |
||
________________________________________________________ |
||
(Respublika, viloyat, tuman, shahar nomi) |
||
“Barkamol avlod” bolalar markazida |
||
20___ yil “___” ___________dan — 20__ yil “___” __________ gacha |
||
(kun) (oy) |
(kun) (oy) |
|
________________________________________________________ |
||
(to‘garak nomi) |
||
to‘garagida maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablari asosida ta’lim oldi. |
||
Markaz direktori _____ |
_____________________________________ |
|
(imzo) |
(familiyasi, ismi) |
|
Muhr o‘rni |
||
|
Guvohnoma tavsifi
“Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari ta’lim haqida davlat namunasidagi
GUVOHNOMA
“Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari ta’lim haqidagi guvohnoma A4 formatli qalin oq qog‘ozda to‘rt xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, ko‘k, qizil ranglarda chiqariladi.
Varaqning yuqori qismidan 20 mm chekingan holda diametri 46 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi joylashtiriladi. Varaqning ikki yon tarafidan 15 mm va quyi qismidan 15 mm chekingan tasmaning eni 6 mm ni tashkil etadi.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI “Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari ta’lim haqida GUVOHNOMA” so‘zlari bosiladi. Guvohnomaga ikki lotin harfi — MT va tartib raqami qo‘yiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 19-son, 190-modda; 2016-y., 52-son, 601-modda; 2017-y., 20-son, 361-modda)